Turkiston Respublikasida arxiv ishini tashkil qilish asoslarini yaratish 1919-yil 5-noyabrda e'lon qilingan Turkiston Markaziy ijroiya qo‘mitasining «Arxiv ishini qayta tashkil qilish va markazlashtirish» Nizomi bilan boshlandi.

       1919-yil 15-noyabrda Respublika Xalq maorif komissariatida Turkiston Respublikasi arxivlar boshlig‘i tayinlandi va 1920-yil 29-mayda Arxiv ishi markaziy boshqarmasi tashkil etildi. Arxiv ishi markaziy boshqarmasi avval Respublika Xalq maorif komissariatiga, keyinchalik Turkiston Markaziy ijroiya qo‘mitasiga bevosita bo‘ysingan.

    Arxiv ishi markaziy boshqarmasi zimmasiga 1917-yil 25-oktabrgacha faoliyatini tugatgan davlat muassasalarining barcha hujjatlaridan tashkil etilgan Turkiston respublikasining Yagona davlat arxiv fondini boshqarish yuklatilgan edi. Shu bilan birga viloyat davlat arxivlarning fondlari tashkil etilishi boshlandi.

       1924-yilda O‘rta Osiyoning respublikalarga ajratilishi va O‘zbekiston SSR tashkil etilishi munosabati bilan Turkmaniston , Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari va Qora-Qirg‘iziston avtonom respublikalarga tegishli arxiv hujjatlari berib yuborildi.

          1924-yil 28-dekabrda O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi qoshida Arxiv ishi markaziy boshqarmasi tashkil etildi, 1931-yil uning nomi o‘zgartirilib Markaziy arxiv bashqarmasi (O`zSSR MAB) deb nomlandi.

         1925-yildan boshlab mahalliy viloyat arxiv byurolari, 1930-yildan O`zSSR MAB bo‘linmalari tashkil etilishi boshlandi.1938-yil ular yo‘q qilinib ularning asosida viloyat arxiv boshqarmalari, arxiv bo‘limlari tashkil etildi.

           1936-yil Qoraqalpog‘iston ASSR O‘zbekiston SSR tarkibiga kirdi va Qoraqalpog‘iston ASSR Markaziy arxiv boshqarmasi o‘z vazifasini bajarishni davom etdi.

          Shu yillarda respublika markaziy davlat arxivlari tarmoqlari vujudga keldi. 1935-yildan boshlab quyi arxivlar – tuman davlat arxivlari tashkil etilib, ularning asosiy vazifasi tuman muassasalari, kolxozlar, sovxozlar faoliyatida vujudga kelgan hujjatlarni yig‘ish, ro‘yxatlash va foydalanish (keyinchalik ularni viloyat davlat arxivlariga topshirish)dan iborat deb tasdiqlandi.

         1938-yil dekabrdan arxiv muassasalar O‘zbekiston SSR Ichki ishlar halq komissariati tasaruffiga o‘tkazildi, O‘zSSR Markaziy arxiv boshqarmasi esa shu idoraning Arxiv bo‘limiga aylantirildi, 1958-yildan esa O‘zSSR Ichki ishlar vazirligining Arxiv boshqarmasi bo‘lib faoliyat yuritdi.

       1960- yil Arxiv boshqarmasi O‘zSSR Vazirlar Kengashining bevosita rahbarligiga o‘tkazildi va 1973-yildan boshlab O‘z SSR Vazirlar Kengashi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasiga (O‘zbosharxiv) aylantirildi.

          O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e'lon qilingandan so‘ng, 1991-yil O‘z SSR Vazirlar Kengashi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasiga aylantirildi va uning Nizomi 1992-yil tasdiqlandi.

         Joylarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Arxiv boshqarmasi, viloyat va Toshkent shahar xokimliklari arxiv bo‘limlari faoliyat ko‘rsatdi.

        2004-yil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi «O‘zarxiv» agentligiga aylantirildi va uning Nizomi 2004-yil fevral oyida tasdiqlandi.

        Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Arxiv boshqarmasi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari arxiv bo‘limlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi boshqarmalariga aylantirildi.

         Hozirgi kunda respublikada 3 ta respublika markaziy davlat arxivlari faoliyat ko‘rsatmoqda:

        O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi (1958-yil Markaziy davlat tarix arxivi va Oktabr inqilobi markaziy davlat arxivlarning birlashtirilishi natijasida tashkil etilgan, 1991-yildan – O‘.R. Markaziy davlat arxivi deb nomlanadi).

         O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi ( 1962-yil Markaziy tibbiyot arxivi sifatida tashkil etilgan, 1965-yil Tibbiyot va texnika hujjatlari markaziy davlat arxiviga aylantirilgan,1980-yildan O‘zSSR Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi, 1991-yildan O‘zbekiston Respublikasi Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda).

         O‘zbekiston Respublikasi kino, surat va ovozli hujjatlar markaziy davlat arxivi (1943 -yilda tashkil etilgan, 1959-yilda O‘zSSR Markaziy davlat arxivining kino, surat va ovozli hujjatlar bo‘limiga aylantirilgan, 1974-yildan O‘z SSR kino, surat va ovozli hujjatlar markaziy davlat arxivi, 1991-yildan O‘zbekiston Respublikasi kino, surat va ovozli hujjatlar markaziy davlat arxivi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda).

       Qoraqalpog‘iston Respublikasi markaziy davlat arxivi (1940-yil Qoraqalpog‘iston Avtonom Respublikasi davlat arxivi sifatida tashkil etilgan, 1943-yil Qoraqalpog‘iston ASSR markaziy davlat arxiviga aylantirilgan, 1991-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi markaziy davlat arxivi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda).

        Davlat arxivlarining tumanlardagi tizimida ham o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. 1961-yil arxivlarni yiriklashtirish maqsadida o‘zgaruvchan hujjatlar tarkibiga ega bo‘lgan tuman arxivlari doimiy saqlanadigan hujjatlar tumanlararo arxivlarga, 1965-yildan esa davlat arxivlarning filiallariga aylantirilgan. Hozirgi kunda respublika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi markaziy davlat arxivining 5 filiali, viloyat davlat arxivlarning 60 filiali xizmat ko‘rsatmoqda.